Koʻkaldosh oʻrta maxsus islom bilim yurti 1-kurs talabalari Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat ishlari uslubchisi S.Saidakramov boshchiligida oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik vakillari boʻlmish, hazrati Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur ibn Umarshayx Mirzo tavalludlari munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyiga tashrif buyurishdi. Ushbu tashrif davomida talabalar oʻzbek adabiyoti tarixi, mumtoz va zamonaviy adabiy meros, shuningdek, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodilari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega boʻldilar.
Muzeyning maxsus xodimi talabalar uchun ekskursiya tashkil qilib, muzey faoliyati, undagi nodir qoʻlyozmalar, eski nashrlar, adabiy asarlar va boshqa madaniy meros haqida batafsil maʼlumot taqdim etdi. Shuningdek, eksponatlar orasida Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Qodiriy, Choʻlpon kabi mashhur ijodkorlarning asarlari, ularning qoʻlyozmalari va shaxsiy buyumlari ham namoyish etildi.






Tashrif yakunida soha mutaxassisi bilan ochiq suhbat tashkil etildi. Talabalar adabiyot, tarix va madaniyatga oid qiziqarli savollar bilan murojaat qilib, atroflicha javob oldilar. Suhbat davomida Alisher Navoiy ijodining bugungi adabiyotga taʼsiri, yosh avlodga yetkazilishi va uning oʻzbek madaniyatidagi oʻrni haqida fikr almashildi.
Maʼlumot oʻrnida shuni aytish lozimki, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi Oʻzbekiston Respublikasining muhim madaniy-maʼrifiy markazlaridan biri boʻlib, oʻzbek adabiyoti tarixini oʻrganish va targʻib qilishga xizmat qiladi. Muzeyda qadimgi qoʻlyozmalar, nodir kitoblar, mashhur yozuvchilarning shaxsiy buyumlari va adabiy merosga oid turli eksponatlar saqlanadi.
Muzeyning asosiy maqsadi – milliy adabiyotni keng targʻib qilish, yosh avlodni adabiyot va madaniyatga boʻlgan qiziqishini oshirish hamda oʻzbek adabiy merosini asrab-avaylashdan iborat. Muzeyda doimiy ekspozitsiyalar bilan bir qatorda, turli ilmiy-amaliy konferensiyalar, adabiy uchrashuvlar va ijodiy kechalar ham tashkil etiladi.
Bu kabi tashriflar yoshlarning milliy merosga boʻlgan qiziqishini oshirib, ularga adabiyot va tarixga yangicha nigoh bilan qarash imkonini yaratadi.
Saidazimxon SAIDAKRAMOV
«Koʻkaldosh» OʻMIBY Yoshlar bilan ishlash, maʼnaviyat va maʼrifat boʻlimi uslubchisi






