Ey himmati oliy! Mashaqqatinga yarasha orzuyinga erishasan.
Himmati oliy kishi haq yoʻldagi oliy maqsadiga erishish uchun nafsdan ham nafisdan ham kechmogʻi lozim. Chunki ulugʻlikka nafs yoqtirmagan narsalar orqali erishiladi. Foydali narsalar, yaxshiliklar va komilliklarga qiyinchilik bilan yetiladi. Rohatlarga mashaqqat koʻprigi orqali oʻtiladi.
Bildim buyuk rohat neligini, ammo,
Yetib boʻlmaskan bosmay mashaqqat koʻprigini.
Boshqa sheʼrda:
Ayting oliy maqsadlar umidvoriga,
Jiddu-jahding boʻlmasa, uchrabsan umidning dushvoriga.
Abu Muso Ashʼariy (roziyallohu anhu) koʻp roʻza tutganidan juda oriqlab ketgandi, u kishiga: “Roʻzani ochib nafsingizga ham dam bersangizchi?”-deyilganda: “(Mashaqqatda) chiniqqan ot poygada gʻolib chiqadi”-dedilar.
Ibn Qoyyim aytadi: “Oʻtgan ummatlardagi aqlli kishilar hammasi ittifoq qilib aytishganki: “Jannatga bu dunyoning neʼmatlari bilan erishilmaydi. Bu dunyoda rohatni afzal koʻrgan kishi u dunyoda rohatdan quruq qoladi. Mashaqqat va qiyinchilikning katta-kichikligiga qarab xursandchilik va lazzat boʻladi. Himmati yoʻq kishi shodlikka, sabrsiz kishi lazzatga, qiynalmagan kishi rohatga yetolmaydi. Inson ozgina qiyinchilik evaziga uzoq muddat rohatlanadi. Bu dunyoning oʻtkinchi mashaqqatlariga sab qilsa abadiy saodat hayotiga erishadi”.
Inson nafsi qanchalik sharafli va himmati oliy boʻlsa, jismiga sinovlar koʻproq va rohati kamroq boʻladi. Shoir Mutanabbiy aytganidek: “Agar inson bir ulugʻlikka erishgan boʻlsa, bilginki, uning jismi mashaqqat chekkan boʻladi”.
Imom Muslim “Sahih”ida keltiradi: “Yahyo ibn Abu Kasir aytadi: “Badanning rohati bilan ilmga yetib boʻlmaydi”.
Ulamolar aytgan: “Mukammal rohat mehnatga qarab, mukammal neʼmat yoʻlda duch keladigan qiyinchiliklarga sabr qilish bilan boʻladi. Haqiqiy rohat, lazzat va neʼmat oxiratda mukammal boʻladi, ammo bu dunyoda hech qachon…”.
Abu Bakr Siddiq (roziyallohu anhu) aytadi: “Allohga qasamki, ehtilom boʻladigan darajada uxlamadim, unutadigan xayol surmadim, Alloh yoʻlidagi vazifamni ado qilishda ogʻishmay ketmoqdaman”. Yaʼni u kishi murtadlarga qarshi kurash, futuhotlar, xalifalikni mustahkamlash kabi ulugʻ ishlar bilan juda mashgʻul boʻlgani sababli xotirjam uxlashga vaqtlari boʻlmagan.
Abdulaziz ibn Umarning xotini Fotima binti Abdulmalik aytadi: “Men Abdulaziz ibn Umarning xalifa boʻlganidan buyon junub yo ehtilomdan gʻusl qilganini koʻrmadim”.
Imom Ahmad oʻziga qattiq sinov kelganda oʻgʻliga: “Ey oʻgʻlim, bu qiyinchiliklar nafsim sababidan boʻlyapti” -dedilar.
Shayx Muhammad Xazar Husayn aytadi:
“Oliy himmatli kishi doim charchoq holda, gʻam-gʻussada boʻladi. Chunki kimning himmati oliy boʻlsa ilmlarning hammasini oʻrgangisi keladi, baʼzilarini oʻrganib boshqalarini qoldirolmaydi. Oxirigacha harakat qiladi, bu esa inson jismiga ogʻirlik qiladi. Soʻngra oʻrganganiga amal qilish lozim, kechalari turib namoz oʻqiydi, kunduzlari roʻza tutadi. Ilmni toʻxtatmaydi. Bularni birgalikda qilish ogʻir. Dunyoga berilmaslikni xohlaydi, ammo ehtiyojlari bor. Agar mol topsa boshqalarga ham ulashgisi keladi. Baxillik qilolmaydi. Saxiyligi dabdabaga olib borishi mumkin. Dabdaba uchun ishlashga uning izzat-nafsi yoʻl qoʻymaydi. Ozroq topganini saxiylik qilib boshqalarga ehson qilaversa, oʻzi va oilasi qiynaladi. Boshqalarga bermaslikka himmati yoʻl qoʻymaydi. Aslida esa himmati oliy kishining badanidagi bu mashqqatlar maʼnan rohat boʻladi. Himmati past kishining oʻziga rohat deb oʻylagani esa mashaqqat va vijdonsizlik boʻladi”.
Bular Abdulloh ibn Muoviya ibn Abdulloh ibn Jaʼfarning sheʼrida oʻz tasdigʻini topgan.
Sheʼr: “Oʻzim baʼzi ishlarda toʻxtab qoldim, mablagʻim murodimga yetkazolmaydi. Molu-dunyomni sarflab saxiy boʻlay desam nafsim baxillik qilib menga itoat qilmaydi”.
Robe’ ibn Xaysamga: “Nafsingizga ozroq rohat bersangizchi?” -deyilganida, u: “Uning rohati uchun shunday qilyapman!” -degan ekan.
Gohida inson yaxshi koʻrgan kishilariga oʻzi xohlamagan narsalar bilan tasalli berarkan.
Ahmad ibn Dovud Abu Said Vositiy aytadi: “Ahmad ibn Hanbalni koʻrish uchun qamoqqa bordim. Soʻz orasida u kishiga:” Ey Abu Abdulloh, sizning zimmangizda oilangiz, bolalaringiz bor, sizning holatingiz uzrli-ku”-deb tasalli bermoqchi boʻlgandim. U kishi menga:”Ey Abu Said, siz bu dunyoning rohatini xohlab qolibsiz”-dedi.
Imom Ahmad ibn Hanbalga: “Banda qachon haqiqiy rohatning taʼmini totadi?”-deyilganda, U: “Jannatga birinchi qadamini bosgandayoq!”-deb javob berdilar.Sheʼr:
Qalbimda xavotirlar tugamas,
Amallaring qabul deyilmaguncha.
Nomai aʼmolim oʻng tomonimda,
Rasulning yuziga koʻzim termulmaguncha.
Amir Shams Maʼoliy Qobus aytadi: “ Obru izzatga mashaqqatlarga sabr qilish bilan, chiroyli eslatmalarga olimlarning suhbati bilan yetiladi”.
Sheʼr: “Biz ham insonmiz, ammo ham dunyo va ham oxirat uchun amal qilamiz demaymiz. Birini tanlaymiz, oliy maqsadimiz yoʻlida nafslarimizni xorlaymiz. Xuddi goʻzal ayolga sovchi qoʻyilganda mahrning qimmatligi bilinmaganidek”.
Ibodatlarga qattiq kirishgan bir kishi malomat qilinganida aytgan ekan: “Dunyo avvaldan bor edi, men yoʻq edim, hozir borman. Dunyo turaveradi, men esa yoʻq boʻlaman. Shuning uchun bor boʻlgan vaqtimdagi fursatni boy berishni xohlamayman”.
Sheʼr: “Uyqudan uygʻoninglar, oliylik sari intilinglar, oliylik kechasi bedor boʻlganlar bilan birgadir”.
Namoz uyqudan afzaldir, matonatli boʻlish zaiflikdan afzal, oʻlim xorlikdan afzal. Kim kuchli boʻlsa gʻolib chiqadi.
Himmati oliy kishi oʻzi bilgan va anglab yetgan maqsadi sari ishonch bilan intilayotganini, yoʻlida duch kelgan qiyinchiliklarni mardonavor bosib oʻtganini koʻramiz.
Amr ibn Os (roziyallohu anhu) aytadi: “Oʻzlaringa ulkan ishlarni lozim tutinglar, past ishlarga oʻralashmanglar”.
Moʼminlar amiri Muoviya (roziyallohu anhu) aytadi: “Kim buyuk boʻlishni xohlasa, uning xatarli ekanini ham oʻylab koʻrsin”.
Sheʼr: “Men bilan zamon tashvishlarini oʻz holimga qoʻyaver, uni boshdan kechiraman. Qoʻrquvlari qattiq boʻlsa-da, orqasidan yaxshiliklar keladi”.
Kaʼb ibn Zuhayr (roziyallohu anhu) aytadi:
Sheʼr: “Qoʻrquvlarga bardosh bermagan kishi orzusiga yetolmas. Alloh taolo tushirgan egarni hech kim koʻtarolmas”.
Kim Alloh taoloning qimmatbaho mukofoti boʻlgan jannatiga erishishni istasa malomatchining malomatiga va har xil dashnomlarga parvo qilmasdan yoʻlida davom etsin. Alloh taolo aytadi: “Kim oxiratni xohlasa va moʼmin boʻlgan holida unga harakat qilsa, bas, ana oʻshalarning harakatlari maqbuldir”. (Isro surasi, 19-oyat).
Imom Termiziy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilar: “(Dushmandan) qoʻrqqan kishi tunda yoʻlga chiqadi. Tunda yurgan kishi manzilga yetadi. Bilinglarki, Allohning taoloning mukofoti qimmatdir. Alloh taoloning mukofoti jannatdir”.
Mukofotning qadri qanchalik buyuk ekani – unga xaridorning qadri, unga toʻlanadigan narsaning qadri va unga chaqirayotgan kishining qadri bilan oʻlchanadi. Agar xaridor himmati oliy boʻlsa, toʻlanadigan narsa nufuzli boʻlsa, unga erishishga chaqirayotgan kishi eʼtiborli boʻlsa demak, mukofot juda nafis boʻladi.
Alloh taolo aytadi: “Albatta, Alloh taolo moʼminlardan jonlari va mollarini jannat evaziga sotib oldi”. (Tavba surasi, 111-oyat).
Sheʼr: “Ey dunyoga maftun boʻlgan kishi, sen hali ham uyqudasan. Uygʻon, oshiqlar kabi shoshil, oʻtgan kunlaringa koʻz yosh toʻkib yigʻlagin, malomatu dashnomlarga parvo qilmagin. Ey, malomatchi meni oʻz holimga qoʻy, malomatinga quloq solmayman. Chunki men yetishish qiyin boʻlgan boylikka harakat qilmoqdaman. Oxiratda abadiy jannatda, Firdavs jannatida oyu quyoshdan chiroyli boʻlgan hurlar bor, qarashlari har tomonni yorishtirib yuborar. Chimildiqdagi kelin kabi, yanoqlarida gajaklari osilib turar, qomatlari kelishgan xush bichimdir. Ularning mahri tunda turib namoz oʻqish va yigʻlab soʻrashdir”.
Gohida inson toqatidan tashqari baʼzi sabablarga koʻra koʻzlagan maqsadiga yetib borolmasligi mumkin. Bu esa uni niyatidan qaytarmasligi va himmatini tushirmasligi kerak. Balki oʻziga tasalli bermogʻi kerak, qoʻlidan kelgan hamma ishni qildi, ammo nasib qilmagandir.
Asadullo XOLMURODOV
«Koʻkaldosh» OʻMITM mudarrisi




