Tahajjud namozini farz deb niyat qilishlik.
Alloh taolo insonlarga har bir jabhada yengil boʻlishini iroda qilganidek, ibodat masalalarida ham bunga alohida eʼtibor bergan desak mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Alloh taolo oʻzining oxirgi Paygʻambari Muhammad alayhissalomga tushurgan shariati insonlarni saodatga erishishi uchun qonun-qoidadan iboratdir. Mana shu koʻsatma asosida ish olib borilsa yaʼni qaytarilgan ishlardan qaytib buyurilgan vazifalarni oʻz vaqtida ado qiladigan boʻlsa, muvaffaqiyatga erishadi. Alloh taolo bizlarga besh vaqt namozni farz qilgan, qolgan namozlar vojib, sunnat va nafllardan iboratdir. Barcha ammallarning oʻz nomiga munosib maqom va martabalari bor. Tahajjud namozi nafl namozi boʻlib, u haqida Qurʼon Karim va hadisi shariflarda dalillar koʻplab topiladi. Tahajjud namozi uchun baʼzi ulamolar uyqu boʻlishi shart deganlar. Ammo koʻpchilik ulamolar uni shartmasligini aytganlar. Ulamolar va boshqa solih kishilar tahajjud namozini farz yoki vojib amal darajasida bajarishgan ammo uni farz deb eʼtiqod qilmaganlar. Oʻtgan salafi solihlarimiz shariatga biror bir oʻzgartirish kiritmasdan sof holda uni bizgacha etib kelishiga xizmatlari katta hisoblanadi. Biror bir narsani dalil yoki hujjatga tayanmasdan turib uni shariatdan deb sanash mumkinmas. Hatto baʼzi amallar borki ularni dinda qaytarilmagan ham buyurilmagan ham ulamolar istelohida unga nisbatan “muboh”lafzini ishlatiladi. Mazkur amalga tegishli baʼzi ishlar agarda avom xalqga zarar keltiradigan boʻlsa tark qilinadi. Bu haqida fuqaholarimizning istelohida quyidagi fiqhiy qoida bor:
كل مباح يؤدي إلى تغيير اعتقاد الجهلة فهو مكروه.
Avom insonlarning eʼtiqodini oʻzgarishiga olib boradigan har bir muboh ish makruhdir. Misol uchun shukr sajdasi mustahab ishlardan sanaladi va u mustahab ekanligiga fatvo ham berilgan. Ammo namozdan keyin qilish makruh chunki avom insonlar uni sunnat yoki vojib deb eʼtiqod qilib qolishadi.
Tahajjud namozi uchun moʼmin va moʼminalarni Alloh taolo Sajda surasi 15-16 oyatlarida shunday maqtaydi:
“Bizning oyatlarimizga faqat u (oyat)lar zikr qilinganda sajda qilgan hollarida yiqiladigan va kibr qilmagan hollarida hamd bilan Parvardigorlariga tasbeh aytadigan zotlargina imon keltirurlar.
Ularning yonboshlari oʻrindiqlardan ajrab turar (oz uxlaydilar). Ular Parvardigorlariga qoʻrquv va umidvorlik bilan duo qilurlar va Biz ularga rizq qilib bergan narsalardan ehson qilurlar.
Bas, ularning qilib oʻtgan amallariga mukofot uchun yashirib qoʻyilgan koʻzlar quvonchini (oxirat neʼmatlarini) hech kim bilmas”.
Hadisi shariflarda tahajjud namozining fazilati borasida borasida quyidagilar kelgan:
“Kechasi uygʻonib namoz oʻqigan va ayolini ham namoz uchun uygʻotib turgʻizgan, uyqusidan uygʻona olmasa yuziga suv sevalagan erga Alloh marhamat qiladi (Juda koʻp yaxshiliklar beradi). Kechasi uygʻonib namoz oʻqigan va erini ham uygʻotgan, uyqusidan uygʻona olmasa yuziga suv sevalagan ayolga ham Alloh marhamat qiladi (Juda koʻp yaxshilik beradi.)” (Abu Dovud, Solatut-tatovvu’)
Oisha onamiz roziyallohu anhudan tahajjud namozi haqida rivoyat qilinadi:
“Tungi namozni aslo tark qilma. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namozni aslo tark qilmagan. Bemor yoki charchagan boʻlsa oʻtirib oʻqir edi.” (Abu Dovud, Solatut-tatovvu’). Oisha onamiz rivoyat qilgan ushbu hadisda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam tahajjud namozlarini tark qilmaganliklari u zotning oʻzlariga vojib boʻlgan va uni hech ham tark qilmaganlar, ummatlariga esa nafl maqomida boʻlgan.
Tahajjud namozining savobi ulugʻligi va uni oʻqib boʻlib qilinadigan duolar ijobatligi haqida ulamolardan rivoyatlar koʻplab kelgan.
Kamoliddin MIRZAYEV
«Koʻkaldosh» OʻMIBY mudarrisi






